«Telegram» kanal

Yakkabog‘da bahorgi qishloq xo‘jaligi mavsumiga start berildi

19:52, 21.02.24
17

Yakkabog‘ tumani hokimligi binosida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Uzoqov, viloyat prokurori o‘rinbosari, tuman sektor rahbarlari, qishloq xo‘jaligi mutaxassislari, fermerlar ishtirok etdi.


Dastavval, ishchi guruh tomonidan fermer xo‘jaliklari ekin maydonlarini o‘rganish natijalari bo‘yicha axborot berildi. Yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, bajarilishi zarur bo‘lgan agrotexnik tadbirlar aytildi. 

Shundan so‘ng, 2024 yil hosili uchun chigit ekish mavsumi oldidan yer tekislash ishlari olib borish, fosfor bilan chigit ekishni tashkil etish, dala chetlaridan samarali foydalanish maqsadida tut, tok va terak ko‘chatlarini ekib, asalarichilikni yo‘lga qo‘yish, ammofos zaxirasini yaratish, ariqlarni betonlashtirish, pilla mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, qishloq xo‘jaligi texnikalarini ta’miri, suv tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanish, zarur ozuqalarni vaqtida berish va mavjud g‘alla ekilgan maydonlarda agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri tashkil etish kabi masalalarda ishlarni jadallik bilan olib borish lozimligi ta’kidlandi.


Shuningdek, g‘alla ekilgan maydonlarda zang kasalligi kirib kelishiga qarshi kurash maqsadida barcha transport vositalari kiradigan dala cheti maydonlariga profilaktik tadbirlarni boshlash lozimligi tushuntirib o‘tildi.


Yig‘ilish davomida Yakkabog‘ tumanida ajratilgan dehqon xo‘jaligi yer maydonlari bo‘yicha ishlar to‘g‘ri tashkil etilgani e’tirof etilib, serdaromad va eksportbop qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish va kafolatli xarid qilish, ichki va tashqi bozorlarga tizimli yetkazib berish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni ommalashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.


Yakunda Yakkabog‘da bahorgi qishloq xo‘jaligi mavsumiga start berilgani e’lon qilinib, fermerlarning qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar bilan hamnafas bo‘lishi, sohaga oid qaror va qonunlarni bilishi, yetishtirayotgan mahsulotlarining sifat va samaradorligiga jiddiy e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.