«Telegram» kanal

“Xalq va armiya — bir tanu bir jon!” 

12:00, 12.02.24
5

    Harbiy prokuratura tashabbusi bilan barcha kuch tuzilmalari hamkorligida Mirishkor tumanining olis chegaraoldi hududida joylashgan “Bo‘ston” qishlog‘ida “Xalq va armiya — bir tanu bir jon!” shiori ostida “Yoshlar festivali” o‘tkazildi.Tadbirda Respublika harbiy prokurori o‘rinbosari Qahramon Isroilov, Qarshi harbiy prokurori Baxtiyor Ahmedov, Janubiy-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi faxriylar kengashi raisi Sharif Madiyev, tuman hokimining chegara masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Xurshid Sharopov, hokim o‘rinbosari Ulash Cho‘liyev, MMTB, Yoshlar ishlari bo‘limi, tumandagi huquqni muhofaza qiluvchi kuch tuzilmalari rahbarlari, keng jamoatchilik va uyushmagan yoshlar ishtirok etishdi.

    Festival doirasida yoshlarni yurtga sadoqat, milliy anʼana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, maʼnaviy yetuk va jismonan sog‘lom, barkamol avlod sifatida voyaga yetkazish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida harbiy vatanparvarlik musobaqalari bo‘lib o‘tdi.Shuningdek, IIV va Milliy gvardiya harbiy bo‘linmalarining, sportchi yoshlarning ko‘rgazmali jangovar chiqishlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etib, yoshlarga qurol-yaroq, anjom-aslahalar tanishtirildi.Tadbir davomida Mudofaa vazirligi huzurida tashkil etilgan “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatining 14 nafar aʼzosiga ko‘krak nishon va guvohnomalar topshirildi.

    Tadbir yakunida musobaqa g‘oliblariga esdalik sovg‘alar topshirildi.