«Telegram» kanal

Erta va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh holatlarini oldini olishning samarali mexanizmlari yuzasidan yig'ilish o'tkazildi

08:04, 28.02.24
5

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda: “Oila kichik Vatan, oila tinch bo‘lsa, baxtli bo‘lsa, Vatan tinch bo‘ladi”. Shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida: “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega” ekanligi belgilab qo‘yilgan.Dunyoda yuz berayotgan salbiy demografik tendensiyalar, xususan, onalar va bolalar o‘limi, irsiy kasalliklar, nogironligi bo‘lgan bolalarning ko‘payishi jamiyat taraqqiyotiga, oilalarning mustahkamligiga o‘z ta’sirini o‘tkazayotgani juda achinarli holdir. 

Darhaqiqat, har tomonlama rivojlangan jamiyat barpo etishda sog‘lom oila qurishning mazmun va mohiyatini anglab yetish, bo‘lajak oilaning mustahkam, tug‘ilajak farzandlarning sog‘lom bo‘lishida nikohlanuvchi shaxslarning jismonan va ruhan sog‘lomligi bilan bir qatorda, genetik jihatdan bir-biridan farqlanishi, ya’ni qarindoshlik rishtalarining mavjud bo‘lmasligi ulkan ahamiyat kasb etadi. 
   Bugun Kasbi tumanidagi "Obod mahalla markazi"da "Oila va gender" ilmiy-tadqiqot instituti vakillari tomonidan o'tkazilgan yig'ilishda ham aynan shu mavzuga urg'u berildi. Ta'kidlandiki, yaqin qarindoshlarning nikohi yetti avloddan keyin ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatishi mumkin. Muhimi yaqin qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikoh oqibatida ko‘p hollarda turli xildagi nogironligi bo‘lgan bolalar dunyoga keladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, qarindosh bo‘lmagan oilalarda tug‘ilayotgan har mingta go‘dakdan ikkitasi nogiron bo‘lib dunyoga kelsa, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdan tug‘ilgan bolalar majruhligi ikki-uch barobar ko‘p.